Issiqxona va ochiq maydonlarda uchrashi mumkin boʼlgan pomidor va bodring oʼsimligi kasalliklari va ularning oldini olish yoʼllari

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Pomidor va bodring oʼsimligida uchraydigan “fuzarioz soʼlish” kasalligi ham issiqxonalarda, ham ochiq dalalarda uchraydi. Bunda zararlangan urugʼ, urugʼbarg va yosh nihollar butunlay chirib ketadi. Kasallik oʼsimlikning pastki barglari, koʼpincha bir tomondan sargʼayishi va oʼsimliklar soʼlgʼin boʼlib qolishidan boshlanadi. Soʼlgan barglar quriydi, biroq tushmasdan, novdalarda osilib qoladi. Novdalar ham oʼsimlikning bir tomonida soʼlishi mumkin, keyinchalik butun oʼsimlik soʼladi. Novdalar ustida sariq chiziqchalar paydo boʼladi. Zararlangan oʼsimliklar soʼlishdan oldin zaiflashadi va boʼyi juda past boʼlib qoladi.

 

Bu kasallikni qozgʼatuvchi zamburugʼ issiqsevar organizmdir. Oʼsimliklarni tuproq harorati 21 darajadan 33daragacha boʼlgan holatda kuchli zararlaydi. Ortiqcha azotli oʼgʼit berish kasallikni yanada kuchaytiradi. Qoʼzgʼatuvchi oʼsimlik toʼqimalariga tomirlari orqali kiradi. Zamburugʼning xlamidosporalari tuproqda 11 yilgacha saqlanishi, qoʼzgʼatuvchi urugʼ orqali ham oʼtishi mumkin. Vegetatsiya davrida kasallik tuproqqa ishlov berish qurollari, sugʼorish jarayonida hamda koʼchatlarni koʼchirib ekish paytida tarqaladi. Kasallik hosilga kuchli salbiy taʼsir qiladi. Oʼsish davrining oʼrtalarida yengil zararlangan oʼsimliklarning hosili 11-12 foizga pasayadi. Kasallikning oldini olishda tuproqni ildiz yetgan chuqurlikkacha, odatda 25 sm gacha, zararsizlantirish muhim ahamiyatga ega.

 

Fuzarioz soʼlishning juda kuchli rivojlanishi kuzatiladigan mintaqalarda zararsizlantirilgan tuproqqa chidamli navlarni yoki payvand qilingan pomidor koʼchatlarini ekish tavsiya qilinadi. Urugʼlikni samarali fungitsidlar bilan dorilash, almashlab ekish, oʼsimlik qoldiqlarini yoʼqotish, ekin yaxshi oʼsishi va rivojlanishi uchun zarur agrotexnika qoidalariga rioya qilish, oʼsimliklarning qoʼshimcha tomirlari rivojlanishi uchun tuproq ustiga mulcha solish, kasal koʼchat va oʼsimliklarni yulib olib tashlash, ortiqcha azotli oʼgʼit bermaslik, soʼlishga chidamli navlarni ekish uning oldini olishda muhim tadbirlardir.

Yana bir pomidor va bodring oʼsimligi kasalliklaridan biri kladosporioz yaʼni “qoʼngʼir dogʼlanish” yoki “barg mogʼori”deb ham ataladi. Kladiosporioz butun dunyoda tarqalgan va u issiqxonalardagi asosiy kasalliklaridan biridir. Ochiq dalalarda kamroq uchraydi. Kasallik oʼsimlikning gullash, meva tugish paytlarida boshlanadi va asosan barglarini zararlaydi. Uning birinchi alomatlari koʼchatning pastki barglari ustida sariq yoki och-yashil, ana shu bargning dogʼli joylari ostida ham rangsiz, sargʼish yoki och-qoʼngʼir dogʼlar paydo boʼlishidir. Barg ostidagi dogʼlar yashil-qoʼngʼir yoki kulrang-qoʼngʼir tusli mayin mogʼor bilan qoplanadi. Kasallik tezda tepadagi barglarga ham oʼtadi. Kuchli zararlangan barglar olachipor tus oladi va quriydi. Kasallik kuchli rivojlanganida pomidorning gul va meva bandlari, gulkosabarglari va tugunchalari ham zararlanadi va ular keyinchalik toʼkilib ketadi. Kasallikning eng kuchaygan davri meva pishish paytiga toʼgʼri keladi. Mevalar ustida boʼrtgan, qattiq, zaytun rangli, mogʼor bilan qoplangan dogʼlar paydo boʼladi. Zararlangan toʼqimalar ustida zamburugʼ millionlab konidiyalar hosil qiladi va kasallik ular yordamida tarqaladi. Konidiyalar havo oqimlari, suv tomchilari va ishchilar vositasida tarqaladi. Ular harorat 6 darajadan 34 daragacha va namlik 75-98% foizgacha, yorugʼlik kam yoki yoʼq boʼlgan vaqtda oʼsadi va barglarni zararlaydi. Kasallik 20 darajadan 27 darajagacha havo harorati va 90 % dan yuqori nisbiy namlikda juda tez tarqaladi va rivojlanadi. Namlik 60% dan pastligida oʼsimliklar zararlanmaydi. Аmmo quruq havoga juda chidamliligi uchun, xoʼjayin oʼsimlik mavjud boʼlmaganida ham konidiyalar 10 oydan koʼp vaqt davomida hayotchanligini yoʼqotmaydi. Unga qarshi kurashda chidamli navlar yaratish va qoʼllash, issiqxonalarda almashlab ekishni yoʼlga qoʼyish, havo harorati 24-25°S boʼlishini taʼminlab turish, namlik 65-70% dan oshib ketmasligi uchun issiqxonalarni tez-tez shamollatish, oʼsimliklarning pastki barglarini iloji boricha ertaroq yulib olib tashlash, keragidan ortiq sugʼormaslik lozim.

 

A.Amirov, B.Absamatov,

Samarqand viloyat o'simliklar karantini va

himoyasi agentligi Ishtixon tuman bo’limi inspektorlari.

2015-2024 © Иштихон туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM