O’ZLIGINGIZNI QADRLANG!

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Odamzodning har doim ham o’zidan ko’ngli to’lavermas ekan. Baxtiyor insonlardan “Qanday qilib bu darajaga yetdingiz?”- deya so’ralganda, ularning aksariyati o’zingizni sevib hurmat qilsangiz, atrofdagilar ham sizni sevadi va hurmat qiladi, deb javob berishadi. O'z-o'zini sevish - bu inson o’z qobiliyatlarini sog'lom baholashidir. Siz chindan ham nimaga qodir ekaningiz, nima qila olmasligingizni tushunishingiz kerak. Biz har tomonlama iste'dodli bo'la olmaymiz - kimdir savdolashishni yaxshi ko'radi va har qanday mahsulotni qanday sotishni biladi. Kimdir esa yana boshqa sohada iqtodorli. Xullas, har bir ishning o`z egasi, mohiri bor, dunyoda iste`dodsiz kishi bo`lmaydi. Faqat siz o'zingizning iqtidoringizni ocha bilishingiz, qilayotgan ishingizning chinakam sohibi bo`lishingiz, undan quvonishingiz  lozim.

 

Xo`sh,  qanday qilib to'g'ri sevishni o'rganish mumkin? Qanchalik qiyin bo'lmasin, o'zingizni o'zingizga majbur qilmang. Avvalambor, siz o'zingizni o'zingiz kabi qabul qilishni o'rganing. Ko'pincha boshqalarni kuzatib, undan zaifroq his qilamiz o’zimizni. Ehtimol, bu to'g'ridir,  lekin siz mutlaqo noshud emassiz. O'zingizni sevish nimani anglatadi? O`z-o`zingizni ruhan qudratli his etish, rivojlanish uchun ko`proq qiziqarli kitoblar o'qish, seminar treninglarda ishtirok etishingiz mumkin.

Siz ijodkorlikdan zavq olasizmi? Buning uchun vaqt ajratishdan qo'rqmang. Go'zallik salonlariga borish, sport bilan shug’ullanish yoki yaxshi kiyinishni yoqtirasizmi? Ajoyib! Siz buni  noto'g'ri deb o'ylamang.

 

Ko’pchilik ayollar turmush o’rtog’ining befarqligidan shikoyat qilishadi. Har bir inson takrorlanmas va yagona bo’lgani kabi, istak va xohishlari ham turlichadir. Ba’zilar oila davrasida vaqt o’tkazishni istasa, boshqalar do’stlari bilan o’zini baxtiyor his etadi. Buning ham sira yomon joyi yo’q. Eng katta xato - insonni o`zi istamagan ishga majbur etishdir. Inson nafaqat o’zining istaklari, balki boshqalarnikini ham hisobga olishi, yaqinlarini tushunishi va boricha qabul qilishi lozim.

Doim o’zingizni aybdor his qilaversangiz ham shunga o’rganib qolasiz. Misol uchun - farzandingiz kasal bo’lib qoldi. Siz “Issiq jon istimasiz bo`lmaydi, bola xastalanadi-da”- demaysiz. “ Men unga yaxshi qaramadim, Yaxshi qaramabman, issiq kiyintirmadim”-kabi so`zlar bilan o`zingizni koyiysiz,  aybdor hisoblaysiz. Bu tuyg’u aslida sizning ko`nglingizdan  kechayotgan bo’lsa-da, atrofingizdagilar ham uni his qilishadi. Siz ularga tayyor xulosani berdingiz, aybni zimmangizga oldingiz. Boshqalar esa jon deb uni qabul qilishadi va ta`na toshlari ota boshlashadi. 

 

Unutmang, hamma narsani oldindan ko’rib, bilib, oldini olib yuradigan odamning o’zi yo’q. Umuman, bo’lar ish bo’lgandan keyin aybdorni qidirishdan nima naf?  Muhimi, muammoni yechishda. Agar to’g’ri fikrlasangiz, muammoni hal etguvchi o’sha inson, albatta, o’zingiz bo’lasiz.

Hammaga birdek yoqishga intilsangiz ham qadrsizlanasiz. Atrofdagilardan o’zingizga nisbatan maqtov, olqish eshitishga muhtoj emassiz. To’g’ri tashqaridan aytilgan maqtovlar insonning o’ziga bo’lgan ishonchini orttiradi. O`z “Men”ini sevgan va unga yetarlicha ishongan odam esa bunga muhtoj emas. Unga o’zining muhabbati, maqtovlari yetib ortadi. O’zingizni o’ylang, o’z  tuyg’ularingiz bilan qiziqing, o’zingiz bilan ovora bo’ling. Shunda boshqalarning muhabbati-yu maqtovlariga zor bo’lib qolmaysiz. Bu maqtovlarga erishish uchun o`lib-tirilmaysiz.

Boshqalar uchun yashasangiz, o`zingizni unutasiz, hayotdan yetarlicha huzurlanmaysiz. lazzatlanib, o’zingiz uchun yashamaysiz. Ishxonada va oilada kuchingiz yetadigan vazifalarni gardaningizga oling. Chunki bu vazifani bajara olmay qolsangiz, “dangasa”ga aylanasiz.

Agar o'zingizda ichki bo'shliq va energiya yetishmasligini his qilsangiz, bu siz o'zingizni tashlab ketganingizni, o'z hayotingizni emas, balki boshqa birovning hayotini yashayotganingizni anglatadi. Agar xohishingiz bo'lsa, uni amalga oshirish imkoniyatini berish kerak. Bu juda muhim! O'z xohishingizga ruxsat bering va bunda barcha istaklaringiz bajarilishi muhim. Shu bilan birga, taqdir va holatlar haqida shikoyat qilishdan ham voz keching. O'zingizga ishoning, aniq maqsad va rejalarni amalga oshirishga harakat qiling. Bu o'zingizga bo'lgan munosabat va muhabbatingizning asosiy ko'rsatkichidir. 

Unutmang! Har tong va yangi kun o’zingizni hamda o’zligingizni topishingiz uchun bir imkondir!

 

Matluba RABBIMOVA.

2015-2024 © Иштихон туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM