SAYLOV QONUNCHILIGI BUZILGANDA…

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar jamiyat siyosiy hayotida muhim o‘zgarishlarni boshlab berdi. Saylov qonunchiligini takomillashtirish doirasidagi bir qator o‘zgarishlar ichida Saylov kodeksi qabul qilingani muhim yangilik bo‘ldi. 
Fuqarolarning saylov huquqi eng muhim konstitusiyaviy-siyosiy huquqlaridan biri bo‘lib, uni bevosita va bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi. Saylov komissiyalari saylov kompaniyasini o‘tkazish davrida jismoniy va yuridik shaxslarning mazkur Kodeks talablari buzilgani yoki saylovni tashkil etishning boshqa masalalari xususida o‘ziga kelib tushgan murojaatlari bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazadi, bunda uch kunlik muddatda murojaatchilarga yozma javob berilishi lozim, saylovga kamida olti kun qolganida yoki ovoz berish kuni kelib tushgan murojaatlar esa darhol ko‘rib chiqilishi va ularga tezkorlik bilan javob qaytarilishi shart. Bunda saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Endilikda saylov jarayoni subyektlari saylov komissiyalarining qarorlari ustidan ushbu qarorlar qabul qilinganidan keyin besh kun ichida sudga shikoyat qilishi mumkin. Markaziy saylov komissiyasining qarorlari ustidan qaror qabul qilinganidan keyin besh kun ichida Oliy sudga shikoyat qilinishi mumkin. Shikoyatlar kelib tushganidan keyin uch kun ichida, saylovga kamida olti kun qolganida esa darhol ko‘rib chiqilishi kerak. Shikoyat bergan shaxslar shikoyatni ko‘rib chiqishda bevosita ishtirok etish huquqiga ega.
Amaldagi Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining 142-moddasiga ko‘ra, saylov komissiya-larining xatti-harakati va qarorlari yuzasidan e'tirozlar ma'muriy sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladi.  Markaziy saylov komissiyasi xatti-harakatlari yoki qarorlari yuzasidan e'tiroz tug‘ilganida, bu ishlar Oliy sud tomonidan ko‘rib chiqiladi, bu toifadagi shikoyatlar sud tomonidan shikoyat berilgan kundan e'tiboran uch kundan kechiktirmay ko‘rib chiqilishi zarur, agar saylovga olti kundan kam vaqt qolgan bo‘lsa, shikoyat darhol ko‘rib chiqilishi shart.
Mazkur kodeksning 167-moddasiga ko‘ra, saylov komissiyalarining xatti-harakati va qarorlari yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi ishlarga doir sudning hal qiluv qarori chiqarilishi bilanoq tegishli saylov komissiyasi va arizachiga topshiriladi. Bunda sudning tegishli qarori darhol ijro etilishi lozim.
Saylov kodeksida murojaat qilish tartibi hamda muddatining bir xilligi, ularni tegishli organlar tomonidan o‘z vaqtida, ochiq va transparentlik tamoyillari asosida ko‘rib chiqish, saylov komissiyalari qarorlarini sud hokimiyati tomonidan qayta ko‘rib chiqish imkoniyati ko‘zda tutilgan. Amaldagi qonunchiligimizda saylov qonunchiligini buzganlik uchun ma'muriy va jinoiy ta'sir choralari ham belgilangan . Ushbu toifadagi ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar ham bir sutka mobaynida ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan. Eng muhimi, saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklarning barchasi qasddan sodir etilgani isbotlanishi lozim.
Kamoliddin PANSATOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha 
Ishtixon tuman sudi raisi.

2015-2024 © Иштихон туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM