G`ALABA - TINIMSIZ MEHNAT MAHSULIDIR

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Kundalik yangiliklar bilan tanishar ekanman, "O'qituvchi va murabbiylar kuni" munosabati bilan bir guruh soha xodimlarini mukofotlash to'g'risidagi Prezidentimiz Farmoni e'lon qilinganini ko'rdim.

Tabiiyki, mukofotlanganlar ro'yxatini qiziqish bilan qaray boshladim va ajoyib xushxabarga ko'zim tushdi: "Do'stlik" ordeni bilan taqdirlanganlar orasida Ishtixon BO'SMning boks bo'yicha murabbiysi Akram Uzoqovning ham ismi-sharifi bor edi! 

Ochig'i, bu xushxabardan behad quvondim. Chunki mukofot o'z egasini topgan, ko'plab ishtixonlik sportchilar ustozining ko'p yillik samarali mehnatiga munosib baho berilgan edi.

Akram Uzoqovning oilasi bilan qo'shnimiz. U kishi Qoraqo'yli MFYning Navro'z ko'chasida uy qurib, umrguzaronlik qilayotganiga ham   qariyb o'ttiz yil bo'ldi. Ana shu yillar mobaynida ustozning mehnati, shogirdlarga bo'lgan e'tiborini ko'p kuzatganman. Darhaqiqat, Akram Uzoqov o'zini sportga bag'ishlagan inson. Tabiatan serg'ayrat, talabchanlik va qat`iylik esa uning kasbiga bo'lgan sadoqati tufayli ekanini anglash qiyin emas.

Akram aka 1974-1979 yillarda Lvov lesotexnika institutida tahsil oldi. So'ngra Dushanbe shahridagi mebel zavodida 1992- yilga qadar o'z mutaxassisligi bo'yicha faoliyat ko'rsatdi. Ammo, sport bilan muntazam shug'ullanib, o'z malakasini oshirishdan charchamadi. 1993-yilda O'zbekistonga qaytgach viloyat jismoniy tarbiya va sport jamiyatida boks murabbiysi bo'lib ish boshladi. So'ngra viloyat Xalq ta'limi boshqarmasiga qarashli Bolalar va o'smirlar sport maktabida o'z faoliyatini davom ettirdi.

-Sportda har qanday g'alabaga uzluksiz va mashaqqatli mehnat tufayli erishiladi,-deydi ustoz. - Ming shukurki, shogirdlarim buni yaxshi bilishadi va qat'iy talablarimni doimo a'lo darajada bajarishadi. Shuning uchun ham keyingi yillarda ishtixonlik bokschilar ko'plab nufuzli musobaqalarda muvaffaqiyatli qatnashib, yuqori natijalarga erishmoqda.

Darhaqiqat, bugun Akram akaning shogirdlarini nafaqat mamlakatimiz, balki Osiyo va jahonda ham boks muxlislari yaxshi tanishadi. Sevimli shogirdi, O'zbekiston terma jamoasi a'zosi Nigina O'ktamova bu yil Polshaning Kelse shahrida boks bo'yicha yoshlar o'rtasida bo'lib o'tgan jahon chempionatida yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, chempionlik shohsupasini zabt etdi va "Shuhrat" medali hamda "Tahsin" yoshlar mukofoti sohibasi bo'ldi. Nigina ikki karra Osiyo chempioni va ko'pgina Xalqaro turnirlar g'olibi.   Iqboljon Qudratov, Gulsevar G'aniyeva, Baxtiyor Yaxshiboyev, Sanobar Bozorboyeva, Suhrob Rahmatullayev, Shohjahon Pardayev, Mehroj Muhammadiyev, Bahora Abduraimova, Ruxshona Shakarova kabi shogirdlari ham mamlakat va Osiyo chempionatlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, ko'pgina g'alabalarni qo'lga kiritishmoqda.

Akram Uzoqov ayni paytda nafaqada bo'lishiga qaramay, yoshlar bilan ishlashdan aslo erinmaydi. Shuning uchun ham bu yilgi "O'qituvchi va murabbiylar kuni" ustoz xonadonida o'zgacha shod-u xurramlik bilan o'tdi. Ko'p yillik mehnatlari uchun berilgan nufuzli mukofot hamda kasb bayrami bilan qutlash uchun hamkasblar, shogirdlar, qavmi qarindosh va qo'ni-qo'shnilar bir davraga jam bo'lishdi. Ustozning mehnatiga berilgan munosib baho uchun shogirdlari uning o'zidan ham ko'ra ko'proq quvonganini ko'rib, biz ham mamnun bo'ldik. Zero, ustoz-murabbiylar uchun bundan ortiq baxt bo'lmasa kerak.

 

M.MAMANAZAROVA.

2015-2024 © Иштихон туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM